Toshkent shahrida sinov tariqasida “aqlli” hisoblagichlar o‘rnatilmoqda

Joriy yilning mart—iyun oylarida Toshkent shahri bo‘ylab issiq suv uchun smart-hisoblagichlarni o‘rnatish jarayoni amalga oshiriladi, deb xabar berdi Toshkent shahri hokimligi matbuot xizmati.

Hisoblagichlarni o‘rnatish Toshkent shahar hokimligi, Uzcard milliy protsessing markazi, “Toshissiqquvvati” DUK va Uzmeter bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

Ayni vaqtda shu turdagi hisoblagichlarning dastlabkilari Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Darxon 3” mahallasiga o‘rnatilmoqda.

“Mart—aprel oylarida bu kabi smart-hisoblagichlarni o‘rnatishning birinchi bosqichi muvaffaqiyatli amalga oshirilgan bo‘lib, aholining ushbu yangilikka bo‘lgan munosabati ijobiy baholandi”, — deyiladi xabarda.

Smart Ruler nomli “aqlli” hisoblagichlar yuqori aniqlikda ishlaydigan, avtonom, masofadan turib ma’lumotlarni uzatuvchi zamonaviy qurilma hisoblanadi.

Smart-hisoblagich yagona va to‘liq billing tizimini inson omilisiz taqdim etishga qodir. Agarda 3 oylik sinovdan so‘ng natijalar ijobiy bo‘lsa, ularni barcha joylarga o‘rnatish boshlanadi.

O‘xshash maqolalar

FIKR BILDIRISH

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan