Van Persi faoliyatini yakunladi

«Feyyenoord» Erediviziyaning 33-turida «Den Hag»ni qabul qilib, hujumchi Robin van Persining professional faoliyatidagi so‘nggi o‘yinda mag‘lubiyatga uchradi – 0:2.

35 yoshli futbolchi, o‘zining tushuntirishicha, futbol o‘ynashga qiynalayotganidan emas, balki jamoaning yosh iqtidorlariga joy bo‘shatish maqsadida butsalarini mixga ilgan.

Van Persi futbolchilik faoliyatini yakunlashi munosabati bilan muxlislari unga o‘zi o‘ynagan barcha klublar libosidan kelib chiqib yaratilgan o‘ziga xos futbolka sovg‘a qilishdi.

Robin 16 yoshida «Feyyenoord» a’zosiga aylangan, 2001-2004 yillarda Rotterdam shahri jamoasida o‘ynab, so‘ng «Arsenal»ga o‘tgandi. Uning «to‘pchilar» safidagi faoliyati 8 yil davom etdi. 2014 yilda «MYu» safiga qo‘shilgan van Persi bu jamoada bir mavsum to‘p surgach, Turkiyaga – «Fenerbaxche» klubiga yo‘l oldi va u yerda 2018 yilgacha o‘ynadi. O‘tgan yili yanvarda «Feyyenoord»ga qaytgan hujumchi bu mavsum Erediviziyaning 25ta o‘yinida maydonga tushib, 16ta gol urdi va 4ta golga hammuallif bo‘ldi.

Van Persi Niderlandiya milliy jamoasi tarixidagi eng yaxshi to‘purar sanaladi. U 2005-2017 yillar oralig‘ida «uchar hollandlar» libosida 102ta o‘yin o‘tkazib, 50ta gol urgan. Robin JCh-2010 finalchisi, JCh-2014ning bronza medali sohibi sanaladi.

O‘xshash maqolalar

FIKR BILDIRISH

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan