Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida yangi DUK tashkil qilinadi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi Davlat unitar korxonasini tashkil qilish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi Davlat unitar korxonasini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilishi mumkin.

Belgilab qo‘yilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi Injiniring kompaniyasining ta’sischisi hisoblanadi.

Injiniring kompaniyasiga O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tizimidagi tashkilot va muassasalar obektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash loyihalarini amalga oshirishda buyurtmachi vazifasini bajarish yuklatiladi.

Injiniring kompaniyasining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanadi:

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tizimidagi inshootlarni, shu jumladan innovatsion inshootlarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash, shuningdek mebel, jihozlar hamda texnika vositalari bilan ta’minlash;

innovatsion inshootlari qurilishida belgilangan tartibda loyihachi va pudratchi tashkilotlarni tanlash, pudrat shartnomalarini tuzish, qurilish-tiklash ishlarini sifatli va o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlash;

innovatsion inshootlarni belgilangan muddatlarda foydalanishga topshirilishi bo‘yicha prognoz rejalari bajarilishi ijrosini ta’minlash;

loyiha yechimlari samaradorligini, shaharsozlik va arxitektura talablariga mos kelishini ta’minlash;

sohaga ajratilgan kapital qo‘yilmalardan samarali foydalanishni ta’minlash va loyihalarni amalga oshirish sikllarini qisqartirish.

Quyidagilar Injiniring kompaniyasi faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilanadi:

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan tasdiqlangan xarajatlar smetasiga muvofiq innovatsion inshootlarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash ishlari manzilli dasturda ko‘zda tutilgan kapital qo‘yilmalar limitlari qiymatidan ajratmalar;

xo‘jalik faoliyatidan tushadigan mablag‘lar;

xalqaro moliya institutlarining kredit va grant mablag‘lari;

yuridik va jismoniy shaxslarning xayriya mablag‘lari va qonun hujjatlari bilan ta’qiqlanmagan boshqa manbalar.

manba: kun.uz

O‘xshash maqolalar

FIKR BILDIRISH

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan