SSV tizimidagi tibbiyot muassasalarida autsorsing xizmatlari tashkil qilinadi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi tibbiyot muassasalarida autsorsing xizmatlarini tashkil qilish to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi tibbiyot muassasalarida autsorsing xizmatlarini tashkil qilish to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlanishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Moliya vazirligi bilan hamkorlikda:

davlat tibbiyot muassasalarida autsorsing xizmatlari joriy etilishi munosabati bilan shtat birliklarini qayta ko‘rib chiqadi va xarajatlarni optimallashtirish choralarini ko‘radi;

autsorsing tizimiga o‘tish munosabati bilan tejalgan pul mablag‘larini tegishli autsorsing xizmatlarini yaxshilashga yo‘naltiradi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi tibbiyot muassasalarida autsorsing xizmatlarini tashkil qilish to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2017 yil 1 apreldagi PQ-2863-son “Sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori tasdiqlangan xususiy tibbiyot tashkilotlari tomonidan ko‘rsatilishi taqiqlangan – aholining hayoti, sog‘lig‘i va sanitariya-epidemiologik barqarorligiga bog‘liq, alohida tibbiy faoliyat turlarini autsorserga o‘tkazish taqiqlanadi.

Davlat tibbiyot muassasasining alohida funksiyalarini autsorserga o‘tkazilishida quyidagi mezonlar inobatga olinishi lozim:

davlat tibbiyot muassasasining iqtisodiy samaradorligini oshirish va xo‘jalik faoliyati xarajatlarini qisqartirish;

faoliyatning asosiy bo‘lmagan turlarini rivojlantirish uchun davlat tibbiyot muassasasining investitsiyalarga bo‘lgan ehtiyojini kamaytirish;

autsorserga berilgan ishlar (xizmatlar)ning alohida turlari sifatini oshirish.

Autsorsingni tatbiq qilish bo‘yicha tomonlar o‘rtasida shartnomada belgilangan majburiyatlarni vijdonan bajarish tamoyillari asosida amalga oshiriladi.

Davlat tibbiyot muassasasi ayrim funksiyalari yoki xizmatlarini autsorsingga o‘tkazishda quyidagi shartlarga rioya qilishi shart:

davlat tibbiyot muassasasining alohida funksiyalariga autsorsingni tatbiq qilish uchun Sog‘liqni saqlash vazirligi va uning hududiy boshqaruv organlari xulosasini olish;

autsorserni qonun hujjatlari asosida tanlab olish;

bajariladigan ishlar (xizmatlar) sifatini saqlab qolish va oshirish;

tibbiyot muassasasining autsorserga beriladigan ishlar (xizmatlar)ni bajarish bilan band bo‘lgan xodimlarni qisqartirish.

Yirik hajmda alohida yordamchi va tibbiy xizmatlarni ko‘rsatuvchi, tajriba yoki salohiyatga ega autsorser Sog‘liqni saqlash vazirligiga bir xil turdagi xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha davlat tibbiyot muassasalarini unga biriktirish to‘g‘risida taklif kiritishi mumkin.

Alohida funksiyalarini tadbirkorlik sub’yektlariga beruvchi, shuningdek yirik miqdorda yordamchi xizmatlar turlarini bajaruvchi autsorserlarga biriktiriluvchi davlat tibbiyot muassasalari ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi.

Autsorserlikka talabgorlarga nisbatan quyidagi talablar qo‘yiladi:

yuridik shaxs bo‘lishi;

tadbirkorlik faoliyatida kamida uch yil faoliyat olib borgan bo‘lishi;

autsorsing xizmati bo‘yicha kamida uch oylik shartnoma summasiga teng aylanma mablag‘larga ega bo‘lishi;

moliyaviy ahvoli barqarorligi, soliq va boshqa majburiy to‘lovlardan qarzdorligi mavjud emasligi;

shtatida yetarli ish tajribasi va ko‘nikmaga ega xodimlar bo‘lishi.

Autsorsing xizmatlari asosida xizmat ko‘rsatishda qonun hujjatlarida belgilangan texnika va yong‘in xavfsizligi, mehnat muhofazasi hamda sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga rioya qilingan holda amalga oshirilishi lozim.

Autsorser tomonidan ishlab chiqariladigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) talab etiladigan hujjatlar bilan tasdiqlanishi, shuningdek xalqaro va milliy standartlar talablariga javob berishi shart.

Autsorser quyidagi huquqlarga ega:

ijaraga olingan mol-mulkdan foydalanish;

ijaraga olingan bino va inshootlarning ichki va tashqi qismida texnik jihatdan jihozlash va ta’mirlash ishlarini amalga oshirish;

xizmatlar tannarxining o‘zgarishi munosabati bilan shartnomaga o‘zgartirish kiritish taklifi bilan chiqish;

ko‘rsatilgan xizmatlar uchun o‘z vaqtida to‘lovlar amalga oshirilishini talab qilish;

buyurtmachidan shartnoma shartlarining bajarilishini talab qilish.

Autsorser qonun hujjatlariga hamda shartnomaga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

Autsorser:

ijaraga olingan bino va inshootlar, jihozlardan maqsadli hamda oqilona foydalanishi, saqlashi, nosoz holga kelganda ularni o‘z hisobidan ta’mirlashi, shuningdek kommunal xarajatlarini qoplashi;

autsorsing xizmatini ko‘rsatishda texnika, yong‘in, mehnat muhofazasi hamda sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga qat’iy rioya etishi;

tovar (ishlar, xizmatlar)ning sifatli ishlab chiqarilishini va buyurtmachiga yetkazilishini ta’minlashi;

maxfiylik tartibiga qat’iy rioya qilishi lozim.

Autsorser zimmasiga qonun hujjatlariga va shartnomaga muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklanishi mumkin.

manba: kun.uz

O‘xshash maqolalar

FIKR BILDIRISH

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan