Qoʻqondagi jinoiy guruh qotillik ham sodir etgan

Saytimizda Qoʻqon shahrida odamlarni hayoti va sogʻligʻi uchun xavfli boʻlgan zoʻrlik ishlatish bilan qoʻrqitib, oʻzgalarning mulkini bosqinchilik va oʻgʻirlik yoʻli bilan talon-toroj qilgan jinoiy guruh qoʻlga olinib, ularga nisbatan sud hukmi chiqarilgani haqida xabar bergandik,deb yozadi M. Sulaymonov, OʻzA
Sobiq ichki ishlar xodimi bosh boʻlgan mazkur jinoiy guruh qotillik jinoyatini ham sodir etgan boʻlib, Jinoyat ishlari boʻyicha Fargʻona viloyati sudi tomonidan ularga hukm oʻqildi.
Har bir ota ona farzandining baxtini, rohatini koʻrishni istaydi. Ichki ishlar idorasi xodimi boʻlib ishlayotgan Madamin Olimov (ismi familiyasi oʻzgartirilgan)ning onasini niyatu orzulari bir olam edi. Odamlarning tinchligiyu xavfsizligi uchun javobgar boʻlgan profilaktika inspektorining oʻzi esa “oila” degan muqaddas dargohni oddiy havaslarga almashdi…
Sudning hukmiga koʻra, M.Olimov Qoʻqon shahar IIB HOOB profilaktika noziri lavozimida ishlab kelgan davrda Sh. Nazarova bilan tanishib, shaʼriy nikoh asosida uning xonadonida yashab kelib, qiz farzandli boʻlishib, oila qurishga ahdlashgan boʻlsada, onasi unga uylanishiga rozilik bermasdan, 2014 yil yanvar oyida onasining tavsiyasiga koʻra K.G bilan qonuniy nikohdan oʻtib, unga uylanadi. Buni M. Olimov Sh.Nazarovadan yashirishga harakat qilgan boʻlishiga qaramasdan u bundan xabar topib, K.Gning ish joyiga borib u bilan oʻzaro janjallashgan va M. Olimov qonuniy turmush oʻrtogʻi K. G bilan yashashni davom ettirsa, uning jinoiy sheriklari bilan amalga oshirgan qonunga xilof ishlari va axloqqa zid qilmishlari haqida maʼlumotlarni huquqni muhofaza qiluvchi organ rahbarlariga topshirishni bildirgan. Shu bilan topshirmaslik evaziga 4 ming AQSH dollari berishni talab qilib, uni qoʻrqitib kelgan.
Shundan soʻng, M. Olimov, ukasi J.Olimov va sherigi A.Bakimatovlar bilan bir guruh boʻlib, muqaddam sodir etgan jinoyatlarining fosh etilishini oldini olish uchun Sh.Nazarovani qasddan oʻldirish harakatiga tushishadi. Ular 2014 yil 25 aprel kuni soat 00:18 larda Sh.Nazarovaning yashash xonadoni oldiga kelishib, uni mashinaga oʻtirgʻizadi. Ayol qabih niyatli bu kishilarning qoʻlida oʻlim topdi.
Shundan soʻng, oldindan kelishuvga koʻra, mazkur qotillik jinoyatini yashirish maqsadida uning murdasini qabristonga olib kelishib, koʻmib yuborishgan.
Oradan yillar oʻtib, ularning boshqa jinoyatlari yuzasidan olib borilayotgan tezkor tadbirlar davomida ushbu qotillik jinoyati ham fosh etildi.
Jinoyat ishlari Fargʻona viloyati sudining hukmi bilan M. Olimovga avvalgi jazoni yangi jazoga qisman qoʻshilib, uzil-kesil oʻtash uchun 20 yil, J. Olimov va A. Bakimatovlarga esa 19 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
— Mutasaddi tashkilot va oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan oila jamiyatning negizi ekani, oila qurish va oʻzaro kelishuv asosida qurilgan oilalarning mustahkamligini saqlab qolish, oilaning muqaddas ekani borasidagi tushuntirish va targʻibot ishlari yetarli darajada amalga oshirilmaganligi, oilalardagi aniqlangan muammo va kamchiliklarga befarq qaralishi va ularni bartaraf qilish choralari koʻrilmagani oqibatida mazkur qotillik jinoyati sodir etilgan, – deydi Jinoyat ishlari boʻyicha viloyat sudining sudyasi Rahmatjon Arapov. – Avvalo, ota-onalar yangi oila qurayotgan farzandlarning kelajagi va yosh oilalarning baxti bardavom boʻlishi yoʻlida befarq boʻlmasliklari kerak. Sud mazkur jinoyatni sabablarini tahlil qilib, tegishli organ va oʻzini oʻzi boshqarish organlariga mazkur toifadagi jinoyatlarni sodir etilishini oldini olish xususida xususiy ajrimlar chiqardi.

O‘xshash maqolalar

FIKR BILDIRISH

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan