“ArMI—2018”: O‘zbekiston ikkita tanlovda ham uchinchi o‘rinni egalladi

Avval xabar berilganidek, O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari “ArMI—2018” Xalqaro harbiy o‘yinlari musobaqasi doirasida 12 yo‘nalish bo‘yicha qatnashib kelmoqda. Kuni kecha Tiva Respublikasining Kizil shahrida bo‘lib o‘tgan “Harbiy ralli” musobaqasi yakuniga yetdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.

Xalqaro armiya o‘yinlari doirasidagi bellashuvlarning ushbu yo‘nalishida o‘zbekistonlik harbiylar ham munosib ishtirok etib, turli mamlakatlardan kelgan harbiylar bilan 4 ta — “Yakka tartibdagi poyga”, “Ta’qib bilan poyga”, “Otish tayyorgarligi” va “Guruh yordamida poyga” turi bo‘yicha kuch sinashdi. Mazkur musobaqada jonbozlik ko‘rsatgan o‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar yakuniy natijalarga ko‘ra 3-o‘ringa munosib deb topildi. Shohsupani Rossiya harbiylari egalladi. Ikkinchi o‘rinni xitoylik harbiylar zabt etdi.

Shuningdek, Moskva viloyatining Naginsk shahrida harbiy avtomobil nazorati xodimlari o‘rtasida o‘tkazilgan “Yo‘l patruli” bellashuvi ham nihoyasiga yetdi. O‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar ushbu musobaqada ham 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi. 1-o‘rinni Rossiya va 2-o‘rinni Xitoy vakillari egalladi.

Eslatib o‘tamiz, “ArMI—2018” Xalqaro harbiy o‘yinlarida o‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar bilan birga 30 dan ortiq davlat vakillari jami 27 yo‘nalishda ishtirok etmoqda.

O‘xshash maqolalar

FIKR BILDIRISH

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan